MRT uchun 25% chegirma 18:00 dan keyin. Bizning xirurgiya markazi xalqimiz uchun shanba kuni qo‘shimcha faoliyat yuritadi.

Abdullayeva Mohima Abdullayevna — Dissertatsiya avtoreferati

13.11.2026

Yurak ishemik kasalligi bilan xastalangan ayollarni tashxislash va xirurgik davolash strategiyasining konseptual aspektlari

Muallif: Abdullaeva Moxima Abdullaevna
Ilmiy daraja: Tibbiyot fanlari doktori (DSc)
Ixtisosliklar:

  • 14.00.34 — Yurak-qon tomir xirurgiyasi

  • 14.00.33 — Jamoat salomatligi. Sog‘liqni saqlashda menejment

Tadqiqotning dolzarbligi

Yurak ishemik kasalligi ayollar orasida yurak-qon tomir kasalliklari bilan bog‘liq o‘limning muhim sabablaridan biri hisoblanadi. Ayollarda ushbu kasallikning klinik kechishi, reproduktiv va gormonal holati, yoshga bog‘liq o‘zgarishlar hamda hamroh kasalliklar ta’sirida o‘ziga xos xususiyatlarga ega.

Yurak ishemik kasalligini tashxislash va davolashda ayollarning individual klinik holatini, koronar arteriyalar zararlanish darajasini, metabolik sindrom, qandli diabet va boshqa xavf omillarini hisobga olish muhim ahamiyatga ega. Miokard revaskulyarizatsiyasining maqbul usulini tanlash, jarrohlik xavfini baholash va davolash natijalarini yaxshilash ushbu tadqiqotning dolzarbligini belgilaydi.

Tadqiqotning maqsadi

Yurak ishemik kasalligi bilan og‘rigan ayollarda jarrohlik davolash usulini tanlash nuqtayi nazaridan klinik oqibatlarni prognozlash va tashxislashga kompleks yondashuvni omilli tahlil qilish orqali miokard revaskulyarizatsiyasi natijalarini yaxshilash.

Tadqiqotning asosiy vazifalari

  • O‘zbekiston Respublikasi va uning hududlarida ayollar orasida yurak-qon tomir kasalliklari bilan kasallanish dinamikasini o‘rganish.

  • Yurak ishemik kasalligining ayollarda klinik kechish xususiyatlarini reproduktiv holatga bog‘liq holda baholash.

  • Metabolik sindrom, jumladan qandli diabet, semirish, dislipidemiya va arterial gipertenziyaning kasallik kechishiga ta’sirini tahlil qilish.

  • Tashqi nafas funksiyasi va kislorod yetkazib berish indeksi ko‘rsatkichlarini baholash.

  • Endovaskulyar muolajalar va aortokoronar shuntlash orqali amalga oshiriladigan miokard revaskulyarizatsiyasi natijalarini qiyosiy tahlil qilish.

  • Revaskulyarizatsiya usulini tanlash bo‘yicha individual algoritmlarni ishlab chiqish.

Tadqiqot materiallari va usullari

Tadqiqot Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 2022–2024-yillar davomida davolangan yurak ishemik kasalligi bilan xastalangan 668 nafar ayolning klinik ma’lumotlari asosida olib borilgan.

Bemorlar reproduktiv holati va yoshiga ko‘ra to‘rtta guruhga ajratilgan: 49 yoshgacha, 50–58 yosh, 59–68 yosh va 69 yoshdan katta ayollar.

Tadqiqotda umumiy klinik, laborator, instrumental va statistik tahlil usullaridan foydalanilgan. Bemorlarning klinik holati, koronar angiografiya natijalari, exokardiografik ko‘rsatkichlari, metabolik xavf omillari, tashqi nafas funksiyasi va miokard revaskulyarizatsiyasidan keyingi natijalari o‘rganilgan.

Tadqiqotning ilmiy yangiligi

Tadqiqot davomida ayollarda yurak ishemik kasalligining yosh va reproduktiv holatga bog‘liq klinik xususiyatlari aniqlangan. Kasallikning og‘irligi, koronar arteriyalarning zararlanish darajasi va hayot sifati o‘rtasidagi bog‘liqliklar baholangan.

Qandli diabetning II turi mavjud bo‘lgan ayollarda yurak ishemik kasalligining og‘irroq kechishi, chap qorincha funksiyasining pasayishi va ko‘p tomirli koronar zararlanishning yuqoriroq chastotasi bilan bog‘liqligi asoslangan.

Shuningdek, tashqi nafas funksiyasi va kislorod yetkazib berish indeksini kompleks baholashning ahamiyati aniqlangan. Ayollarda endovaskulyar koronar stentlash va aortokoronar shuntlash usullarini tanlash uchun klinik-demografik, anatomik-funksional ko‘rsatkichlar, SYNTAX score, EuroSCORE II, diabetik holat va metabolik sindromni hisobga oluvchi algoritmlar ishlab chiqilgan.

Tadqiqotning asosiy natijalari

O‘zbekiston Respublikasida ayollar orasida yurak ishemik kasalligi qayd etilgan holatlari 2022-yildagi 133 325 tadan 2024-yilda 181 998 taga yetgan. Bu 36,5 foizlik o‘sishni tashkil etgan.

Yosh ortishi bilan koronar arteriyalarning ko‘p tomirli zararlanishi, hamroh kasalliklar va yurak faoliyatidagi o‘zgarishlar kuchayishi aniqlangan. SYNTAX score ko‘rsatkichi 49 yoshgacha bo‘lgan ayollarda 7,5 balldan 69 yoshdan katta ayollarda 29,2 ballgacha oshgan. Shu bilan birga, hayot sifati ko‘rsatkichlari ham yosh ortishi bilan pasaygan.

Miokard revaskulyarizatsiyasining ikki asosiy usuli — endovaskulyar koronar stentlash va aortokoronar shuntlash natijalari tahlil qilingan. Endovaskulyar koronar stentlashdan keyin chap qorinchaning qonni chiqarish fraksiyasi 51,1 foizdan 60,0 foizga oshgan. Aortokoronar shuntlashdan keyin esa ushbu ko‘rsatkich 51,7 foizdan 66,2 foizga yetgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, to‘liq miokard revaskulyarizatsiyasiga endovaskulyar koronar stentlashdan keyin 89,6 foiz, aortokoronar shuntlashdan keyin esa 90,5 foiz holatda erishilgan.

Davolash natijalari tahlili revaskulyarizatsiya usulini bemorning yoshi, koronar arteriyalar zararlanish darajasi, SYNTAX score, EuroSCORE II va hamroh kasalliklarini hisobga olgan holda tanlash zarurligini ko‘rsatgan.

Tadqiqotning amaliy ahamiyati

Tadqiqot natijalari yurak ishemik kasalligi bilan xastalangan ayollarda tashxislash va jarrohlik davolash taktikasini individuallashtirish imkonini beradi.

Ishlab chiqilgan algoritmlar yordamida bemorning yoshi, koronar arteriyalarning zararlanish darajasi, yurak faoliyati, qandli diabet va surunkali buyrak yetishmovchiligi kabi omillarni hisobga olgan holda miokard revaskulyarizatsiyasining maqbul usulini tanlash mumkin.

Tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish davolash samaradorligini oshirish, to‘liq revaskulyarizatsiyaga erishish, asoratlar xavfini kamaytirish va bemorlarning uzoq muddatli klinik natijalarini yaxshilashga qaratilgan.

Xulosa

Tadqiqot natijalari yurak ishemik kasalligi bilan xastalangan ayollarda kasallikning klinik kechishi va davolash natijalariga yosh, reproduktiv holat, metabolik buzilishlar hamda koronar arteriyalar zararlanish darajasi sezilarli ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlaydi.

Miokard revaskulyarizatsiyasi usulini individual xavf ko‘rsatkichlari asosida tanlash, endovaskulyar koronar stentlash va aortokoronar shuntlashga ko‘rsatmalarni aniqlashtirish hamda ishlab chiqilgan algoritmlarni klinik amaliyotga joriy etish bemorlarni davolash sifatini oshirishga xizmat qiladi.

 

HIMOYA HAQIDA E’LON

2026-yil 24-noyabr kuni soat 14:00 da Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzuridagi DSc.06/2025.27.12.Tib.08.01 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik Ilmiy kengashning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi.

KUN TARTIBI:

Abdullayeva Mohima Abdullayevnaning 14.00.34 — «Yurak-qon tomir xirurgiyasi» va 14.00.33 — «Jamiyat salomatligi. Sog‘liqni saqlashda menejment» ixtisosliklari bo‘yicha «Yurak ishemik kasalligi bilan xastalangan ayollarni tashxislash va xirurgik davolash strategiyasining konseptual aspektlari» mavzusidagi tibbiyot fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya ishi himoyasi.

Ilmiy maslahatchilar: tibbiyot fanlari doktori, professor

Ismailov Saydimurad Ibragimovich,

tibbiyot fanlari doktori, professor

Zufarov Mirjamol Mirumarovich.

Rasmiy opponentlar:

  1. Aliyev Sherzod Mahmudovich — tibbiyot fanlari doktori, professor.
  2. Umarov Baxtiyorjon Yatgarovich — tibbiyot fanlari doktori.
  3. Iskandarova Shahnoza Tulkunovna — tibbiyot fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: «A.V. Vishnevskiy nomidagi Milliy tibbiy xirurgiya tadqiqot markazi» FDBM (Rossiya).

Zoom konferensiyasiga ulanish:

https://us06web.zoom.us/j/86516341742?pwd=retpvDYfO9CqY0otcVbAeewuuaQCAs.1

Konferensiya identifikatori: 865 1634 1742

Kirish kodi: 497850

PDF hujjatni yuklab olish

«Yurak ishemik kasalligi bilan xastalangan ayollarni tashxislash va xirurgik davolash strategiyasining konseptual aspektlari» mavzusidagi dissertatsiya avtoreferatini yuklab olish.

📄 PDF faylni yuklab olish