Xirurgiya markazi 28 ta tumanni ilg‘or va namunaviy hududga aylantirmoqda

news_in

16.01.2025

Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyodagi yetakchi klinik va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biriga aylanmoqda. Keyingi yillarda bu yerda yo‘lga qo‘yilayotgan eng ilg‘or muolaja usullarini chekka va olis hududlarda ham keng joriy etish maqsad qilingan.

 Tahlil avvalida markazning o‘zida erishilgan yutuqlar haqida qisqacha to‘xtalamiz. Maʼlumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili bu yerda 7030 ta operatsiya bajarilgan bo‘lib, shundan  5963 tasi(84 foizi)ni yuqori texnologik amaliyotlar tashkil etdi. O‘z navbatida, 16 turdagi murakkab operatsiyalar ilk bor o‘tkazildi.

 Bunda Rossiya, Xitoy, AQSH kabi davlatlarning yetakchi klinikalaridan tashrif buyurgan mutaxassislar bilan birgalikda bajarilgan noyob amaliyotlarning ahamiyati katta bo‘ldi. Qolaversa, markazning 54 nafar shifokori AQSH, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Xindiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston kabi davlatlarda malaka oshirib qaytdi.

 — Ixtisoslashgan tibbiy yordamni tuman darajasiga tushirish uchun 2025 yili har bir viloyatdan 2 tadan, jami 28 ta tuman (shahar)ni namunaviy va ilg‘or hududga aylantirishga kirishganmiz, — deydi markaz direktori Saidmurod Ismailov. —  Qator hududlarda bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazyapmiz, mahalliy mutaxassislar uchun mahorat darslari tashkil etilmoqda. Eng tajribali shifokorlarimiz aholi huzuriga poytaxtdan borib, ularni og‘ir xastaliklardan xalos etishga ko‘maklashyapti.

 Shu bilan birga, 28 ta tumanga borgan holda, o‘rganish ishlari boshlab yuborildi. Shu asosda mazkur hududlarda ishlab turgan xirurglar va boshqa yondosh yo‘nalishlar bo‘yicha 100 nafarga yaqin mutaxasislar markazga jalb etilib, ularga muassasada yo‘lga qo‘yilgan ish jarayonlari o‘rgatildi. Innovatsion muolaja va davolash usullarini qo‘llash bo‘yicha mahorati oshirildi. 

Muhimi, ushbu safarbarliklar — bir martalik emas! Mutaxassislar joylardagi moddiy-texnik baza, shifokorlar malakasi, yondosh bo‘limlar faoliyatini ham chuqur o‘rganib, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda ularni takomillashtirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqmoqda.

 Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda 5 oylik o‘quv kurslari joriy qilingan bo‘lib, 1 fevraldan boshlab tanlab olingan 28 ta tumandan mutaxassislar o‘qitiladi. Ular egallagan bilimlari asnosida o‘z hududida kamida bittadan yuqori texnologik, kam invaziv operatsiya o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yishlari maqsad qilingan.

Markazning 13 nafar yuqori malakali mutaxassisi bir yilga hududlarga doimiy ishga yuborildi. 

 O‘tgan yili hududiy filiallarda 20 dan ortiq yangi davolash va diagnostika usullari amaliyotga tatbiq etildi. Masalan, Jizzaxda minitorakotom usulida ishlab turgan yurakda AKSH, Farg‘onada laparoskopik allogernioplastika, getrotopik buyrak transplantatsiyasi, donor nefroektomiyasi, Buxoroda traxeyani sirkulyar rezeksiyasi bajarildi.

 Hozir Oqoltin (Sirdaryo), Zomin (Jizzax), Denov (Surxondaryo), Vobkent (Buxoro) tumanlari, Qo‘qon shahri (Farg‘ona)da buyrak transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yilgan.

Bu yil  tuman (shahar) shifoxonalarida 12 ta, viloyat filiallarida 18 ta va markazda 20 ta yangi davolash va diagnostika usulini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, markazda namunaviy transplantologiya xizmati va kamida 5 turdagi robot asistentlangan amaliyotlarni yo‘lga qo‘yish, operatsion xonalarni yangi texnologiyali asbob-uskunalar bilan jihozlash rejalashtirilgan. 

 Muassasa va viloyatlardagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida sunʼiy intellekt hamda raqamli texnologiyalar orqali xirurgiya xizmatini yaxshilash maqsad qilingan.

Buning uchun Germaniya, Rossiya va Belarusdan tajribali mutaxassislar doimiy ishlash uchun markazga jalb etiladi. Sohada faoliyat olib borayotgan mutaxassislar nufuzli xorijiy klinikalarda malaka oshiradi.

 Shu orqali bu markazga jalb etiladigan chet ellik bemorlar sonini 3 marta, hududlarda esa 2 karra ko‘paytirish orqali tibbiy xizmat ko‘rsatish hajmini 3 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.