MRT uchun 25% chegirma 18:00 dan keyin. Bizning xirurgiya markazi xalqimiz uchun shanba kuni qo‘shimcha faoliyat yuritadi.

TIBBIYOT FANLARI BO‘YICHA FALSAFA DOKTORI DISSERTATSIYASI AVTOREFERATI

05.08.2026

AKADEMIK V.VOHIDOV NOMIDAGI RESPUBLIKA IXTISOSLASHTIRILGAN XIRURGIYA ILMIY-AMALIY TIBBIYOT MARKAZI HUZURIDAGI ILMIY DARAJALAR BERUVCHI DSc.06/2025.27.12.Tib.08.01 RAQAMLI ILMIY KENGASH

AKADEMIK V.VOHIDOV NOMIDAGI RESPUBLIKA IXTISOSLASHTIRILGAN XIRURGIYA ILMIY-AMALIY TIBBIYOT MARKAZI

ISMATOV ABDULLA ATAULLAYEVICH

YURAK ISHEMIK KASALLIGI MITRAL KLAPAN O‘RTA OG‘IRLIKDAGI YETISHMOVCHILIGI BILAN: JARROHLIK DAVO USULLARINI OPTIMALLASHTIRISH

14.00.34 - Yurak-qon tomir xirurgiyasi

TIBBIYOT FANLARI BO‘YICHA FALSAFA DOKTORI (PhD) DISSERTATSIYASI AVTOREFERATI

TOSHKENT - 2026


Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi mavzusi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida B2023.1.PhD/Tib3422 raqam bilan ro‘yxatga olingan.

Dissertatsiya Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bajarilgan.

Dissertatsiya avtoreferati uch tilda (o‘zbek, rus, ingliz (rezyume)) Ilmiy kengashning veb-sahifasida (www.rscs.uz) va «ZiyoNet» Axborot ta’lim portalida (www.ziyonet.uz) joylashtirilgan.

Ilmiy rahbar: Yarbekov Rustam Raimkulovich
tibbiyot fanlari doktori
Rasmiy opponentlar: Baxritdinov Fazlitdin Shamsutdinovich
tibbiyot fanlari doktori, professor

Kazaryan Artak Varujanovich
tibbiyot fanlari doktori
Yetakchi tashkilot: Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti

Dissertatsiya himoyasi Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.06/2025.27.12.Tib.08.01 raqamli ilmiy kengashning 2026-yil «___» ____________ soat ____ dagi majlisida bo‘lib o‘tadi (Manzil: 100115, Toshkent shahri, Kichik halqa yo‘li ko‘chasi, 10-uy. Tel.: (+99871) 277-69-10; faks: (+99871) 277-26-42; e-mail: cs.75@mail.ru).

Dissertatsiya bilan Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Axborot-resurs markazida tanishish mumkin (216 raqami bilan ro‘yxatga olingan). Manzil: 100115, Toshkent shahri, Kichik halqa yo‘li ko‘chasi, 10-uy. Tel.: (+99871) 277-69-10; faks: (+99871) 277-26-42.

Dissertatsiya avtoreferati 2026-yil «___» ____________ kuni tarqatildi.

F.G. Nazirov
Ilmiy daraja beruvchi Ilmiy Kengash raisi, tibbiyot fanlari doktori, professor, akademik

S.A. Babadjanov
Ilmiy daraja beruvchi Ilmiy Kengash ilmiy kotibi, tibbiyot fanlari doktori

O.D. Eshonxodjayev
Ilmiy daraja beruvchi Ilmiy Kengash Ilmiy Seminari raisi, tibbiyot fanlari doktori, professor


KIRISH (falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi annotatsiyasi)

Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati. Yurak ishemik kasalligi (YIK) zamonaviy kardiologiyaning asosiy muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. U nafaqat kasallanish ko‘rsatkichlarining yuqoriligi, balki asoratlarining og‘irligi bilan ham xarakterlanadi. Miokardning surunkali ishemiyasi ko‘pincha ishemik kardiomiopatiya rivojlanishiga turtki (trigger) bo‘ladi va bu jarayon chap qorinchaning global patologik remodellanishi bilan kechadi. Ushbu patologiya tarkibida o‘rtacha darajadagi mitral regurgitatsiya alohida o‘rin tutadi va u kasallik rivojlanishining murakkab klinik bosqichini ifodalaydi. Patologiyaning rivojlanish mexanizmi murakkabligi sababli, "o‘rtacha" maqomiga ega bo‘lishiga qaramay, uning bemor holati beqarorlashuviga qo‘shgan hissasi juda kattadir. Ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, "...klapan disfunksiyasining o‘rtacha darajasi prognozni sezilarli darajada yomonlashtiradi, jismoniy yuklamalarga chidamlilikni (tolerantslikni) pasaytiradi, bemorlarning hayot sifatini yomonlashtiradi va statistik jihatdan o‘limga olib keluvchi og‘ir yurak-qon tomir asoratlari xavfini oshiradi"[1]. Ushbu patologiyani jarrohlik usullari yordamida davolashda erishilgan sezilarli yutuqlarga qaramay, davolashning optimal strategiyasini tanlash hozirgi kunga qadar dolzarb va murakkab klinik vazifa bo‘lib qolmoqda.

Jahon amaliyotida bugungi kunda ishemik kardiomiopatiya bilan og‘rigan bemorlarda o‘rtacha darajadagi mitral regurgitatsiyani jarrohlik yo‘li bilan tuzatishning maqsadga muvofiqligi va hajmi borasida munozaralar davom etmoqda. Xususan, aortokoronar shuntlash amaliyoti bilan bir vaqtda mitral klapan plastikasini bajarish zaruriyati bo‘yicha yagona to‘xtam mavjud emas. Faqat koronar qon aylanishini tiklashning o‘zi qo‘shimcha qopqoq korreksiyasiz mitral regurgitatsiya darajasining kamayishiga olib keladimi, shuningdek, qo‘shma operatsiya chap qorinchaning remodellanishini, NYHA funksional sinfini va bemorlar hayot sifatini yaxshilash kabi uzoq muddatli natijalarni ta’minlaydimi, degan masala bahsli bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, ayniqsa polimorbid bemorlarda kombinatsiyalangan aralashuvni bajarishda operatsiyadan keyingi asoratlar, sun’iy qon aylanishi davomiyligi va letallik xavfining ortishi ehtimoli muhokama qilinmoqda, shu sababli mazkur muammo bo‘yicha tadqiqot natijalari hozirgacha ziddiyatligicha qolmoqda. Yuqoridagilarga asoslanib mazkur masalani yanada chuqur tadqiq etish o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda.

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiyot sohasini jahon andozalari talablariga moslashtirish, jumladan, turli somatik kasalliklarni erta tashxislash, davolash va oldini olishga qaratilgan muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining yettita ustuvor yo‘nalishida "aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish vazifalari belgilangan"[2]. Ushbu vazifalarni amalga oshirish, jumladan, yurak ishemik kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni davolash natijalarini yaxshilash, mazkur patologiyaning yuqori tibbiy-ijtimoy ahamiyati tufayli jarrohlik davolash usullari samaradorligini takomillashtirish borasida tadqiqotlarni amalga oshirish maqsadga muvofiqlashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son "2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida", 2020-yil 12-noyabrdagi PF-6110-son "Birlamchi sog‘liqni saqlash muassasalari faoliyatiga prinsipial yangi mexanizmlarni joriy etish va sog‘liqni saqlash tizimini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonlari, 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4891-son "Tibbiy profilaktika bo‘yicha ishlar samaradorligini yanada oshirish orqali aholi salomatligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida", 2021-yil 25-maydagi PQ-5124-son "Sog‘liqni saqlashning kompleks rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida", 2021-yil 28-iyuldagi PQ-5199-son "Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorlari va mazkur faoliyatga tegishli boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga ushbu dissertatsiya tadqiqoti muayyan darajada xizmat qiladi.

Tadqiqotning O‘zbekiston Respublikasi fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga mosligi. Mazkur dissertatsiya ishi respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining VI «Tibbiyot va farmakologiya» ustuvor yo‘nalishiga muvofiq bajarilgan.

Muammoning o‘rganilganlik darajasi. Yurak ishemik kasalligi fonida yuzaga keladigan miokard ishemiyasi chap qorincha va mitral klapan halqasining remodellanishiga olib kelishi, bu esa klapan apparati geometriyasining o‘zgarishiga sabab bo‘lishi aniqlangan. Ishemik kelib chiqishga ega mitral yetishmovchilik dastlab mitral klapanning emas, balki chap qorinchaning kasalligi hisoblanadi (Grayburn P.A., Sannino A., 2019). Ishemik mitral regurgitatsiya rivojlanishining asosiy mexanizmi miokard ishemiyasi bilan bog‘liq ekani isbotlangan bo‘lib, u chap qorinchaning remodellanishini chaqiradi, papillyar mushaklarning siljishiga va ularning nisbiy qisqarishiga olib keladi, natijada mitral klapan tabaqalarining ortiqcha taranglashuvi va yopilish kuchining kamayishi yuzaga keladi (Asgar A.W., Mack M.J., 2015). Mitral yetishmovchilik rivojlanishida papillyar mushaklar disfunksiyasining kuchayishi, chap qorincha dissinxroniyasi va mitral klapan halqasining dilatatsiyasi ham muhim ahamiyatga ega. Mitral klapan tabaqalarining sistolik taranglashuvi (ular harakatchanligining cheklanishi) mitral yetishmovchilikning asosiy patogenetik mexanizmlaridan biri sifatida qaraladi (Chehab O., Roberts-Thomson R., Ng Yin Ling., 2020).

Ushbu patologiyani konservativ davolash natijalari qoniqarsizligicha qolmoqda: besh yillik o‘lim ko‘rsatkichi ishemik mitral regurgitatsiya darajasi, koronar arteriyalar zararlanishining og‘irligi va chap qorincha funksiyasining saqlanganlik darajasiga qarab 60–100% gacha yetadi (Haberman D. va hammualliflar, 2022). Shunga ko‘ra ishemik mitral regurgitatsiyasi kardiojarrohlikning murakkab muammosi sifatida saqlanib qolmoqda. Ushbu sohada sezilarli yutuqlarga erishilganiga qaramay, optimal jarrohlik taktikasini tanlash bilan bog‘liq ko‘plab masala va yechimlar hanuzgacha o‘z tasdig‘ini topmagan. Shuningdek ushbu bemorlar toifasida miokard revaskulyarizatsiyasi strategiyasiga bag‘ishlangan maxsus prospektiv tadqiqotlar yetarli emas.

Umuman olganda, jahon tajribasini umumlashtirgan holda shuni ta’kidlash lozimki: ishemik mitral yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlar noxush prognozga ega bo‘lgan guruhga kiradi; ushbu patologiyada davolash usulini tanlash kardiologlar va kardiojarrohlar uchun jiddiy muammo tug‘diradi; dori-darmon bilan davolash fonida yuqori o‘lim ko‘rsatkichlari va koronar jarrohlikning rivojlanishi bu bemorlarda aortokoronar shuntlash (AQSh) o‘tkazish ko‘rsatmalarini kengaytirishga olib kelmoqda. Bundan tashqari, ishemik mitral yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda sun’iy qon aylanishsiz AQShni bajarish imkoniyati yakuniy aniqlanmagan bo‘lib, qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazishni talab etadi.

O‘zbekistonda ishemik mitral yetishmovchiligi bilan asoratlangan yurak ishemik kasalligi mavjud bemorlarni jarrohlik yo‘li bilan davolash usullarini o‘rganish va ularni optimallashtirish zamonaviy kardiologiya va kardiojarrohlikning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirgacha mamlakatimizda ushbu muammo bo‘yicha kam sonli ilmiy izlanishlar olib borilgan. Xususan, Aliyev Sh.M., Xalikulov X.G. va hammualliflarning ilmiy nashrlarida asosiy e’tibor yurakning anatomo-funksional ko‘rsatkichlari nisbatan saqlangan bemorlarga qaratilgan.

Yurak ishemik kasalligi asorati sifatida rivojlanuvchi remodellanish kuchayib boruvchi jarayon ekanligini hisobga olsak, yurak chap qorinchasi anatomo-funksional ko‘rsatkichlari keskin pasaygan va tasdiqlangan ishemik kardiomiopatiya tashxisli bemorlarda jarrohlik davolash usullarini qo‘llash ko‘rsatmalari va samaradorligini kompleks baholash masalalari yetarlicha o‘rganilmagan. Shu munosabat bilan ushbu yo‘nalish qo‘shimcha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni talab etadi hamda katta ilmiy va amaliy qiziqish uyg‘otadi.

Dissertatsiya tadqiqotining muassasa ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari bilan bog‘liqligi. Dissertatsiya tadqiqoti «Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi» DMning ilmiy-tadqiqot ishlari rejasiga muvofiq AL-492105342 (2022–2025-yy.) «Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda yurak ishemik kasalligi bo‘lgan bemorlarni tashxislash, taktikasi va davolash natijalarini optimallashtirish» ilmiy loyihasi doirasida amalga oshirilgan.

Tadqiqotning maqsadi: jarrohlik davolash usullarini qiyosiy tahlil qilish asosida o‘rtacha darajadagi ishemik mitral klapan yetishmovchiligi bilan asoratlangan yurak ishemik kasalligini jarrohlik yo‘li bilan davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.

Tadqiqotning vazifalari quyidagilardan iborat:
- izolyatsiyalangan aortokoronar shuntlash (AQSh) hamda mitral klapan (MK)dagi aralashuv bilan birga o‘tkazilgan aortokoronar shuntlashning yaqin va uzoq muddatli natijalarini o‘rganish;
- izolyatsiyalangan aortokoronar shuntlash (AQSh) va mitral klapan (MK)dagi aralashuv bilan birga o‘tkazilgan aortokoronar shuntlash operatsiyalaridan keyin o‘lim ko‘rsatkichi, bevosita va uzoq muddatli natijalarga ta’sir qiluvchi xavf omillarini aniqlash;
- izolyatsiyalangan aortokoronar shuntlash (AQSh) va mitral klapan (MK)dagi aralashuv bilan birga o‘tkazilgan aortokoronar shuntlashdan keyin uzoq muddatli davrda bemorlarning hayot sifati ko‘rsatkichlarini baholash hamda olingan natijalarning bajarilgan jarrohlik aralashuvi hajmiga bog‘liqligini aniqlash;
- yurak ishemik kasalligi (YIK) va ishemik mitral regurgitatsiya (IMR) bo‘lgan bemorlar uchun jarrohlik taktikasini tanlash algoritmini ishlab chiqish.

Tadqiqot obyekti: 2018-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Jizzax filialida hamda Toshkent shahridagi "American Hospital" MChJ QKda operatsiya qilingan IMR bilan asoratlangan YIK bo‘lgan 80 nafar bemor.

Tadqiqot predmeti: o‘rtacha darajadagi ishemik mitral regurgitatsiya bilan asoratlangan yurak ishemik kasalligini jarrohlik yo‘li bilan davolash natijalarini qiyosiy tahlil qilish, yashovchanlikka ta’sir etuvchi xavf omillari guruhlarini ajratish hamda operatsiyadan keyingi yaqin va uzoq muddatli davrlarda bemorlarning hayot sifati va klinik natijalarga ta’sirini o‘rganishdan iborat.

Tadqiqot usullari. Qo‘yilgan maqsadga erishish va vazifalarni hal etish uchun umumiy klinik, laboratoriya, instrumental, maxsus va statistik tadqiqot usullari qo‘llanilgan.

Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
- o‘rtacha darajadagi mitral yetishmovchiligi bilan asoratlangan ishemik kardiomiopatiyali bemorlarda mitral klapan plastikasi bilan birga aortokoronar shuntlash bajarilganda, mitral klapan fibroz halqasining barqarorlashuvi hisobiga uzoq muddatli operatsiyadan keyingi davrda ahamiyatli mitral regurgitatsiya qaytalanishi (retsidivi) chastotasi izolyatsiyalangan aortokoronar shuntlash bajarilgan bemorlarga nisbatan sezilarli darajada past bo‘lishi isbotlandi;
- bemor yoshi 70 dan yuqori bo‘lishi, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi hamda chap qorincha otish fraksiyasi 30% dan kam bo‘lishi kabi omillarning erta operatsiyadan keyingi asoratlar va noxush oqibatlar rivojlanishi bilan ishonchli korrelyatsiyasi isbotlandi;
- mitral klapan plastikasi bilan birga bajarilgan aortokoronar shuntlash izolyatsiyalangan miokard revaskulyarizatsiyasiga nisbatan yurakning ijobiy remodellanish parametrlariga, jumladan chap qorincha otish fraksiyasining dinamik ortishi hamda uning oxirgi-diastolik va oxirgi-sistolik o‘lchamlarining kamayishiga yanada yaqqolroq ta’sir ko‘rsatishi tasdiqlandi;
- yurak ishemik kasalligi va ikkilamchi mitral yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda bemorning polimorbid holatini hisobga olgan holda jarrohlik davolash usulini individual tanlashga qaratilgan davolash taktikasi davolash samaradorligi va xavfsizligi o‘rtasida optimal nisbatni ta’minlashi isbotlandi.

Tadqiqotning amaliy natijalari quyidagilardan iborat:
- yurak ishemik kasalligi o‘rtacha darajadagi ishemik mitral regurgitatsiya bilan birga kelganda kombinatsiyalangan jarrohlik davolash (AQSh + mitral klapan plastikasi) uzoq muddatli prognozni yaxshilashda muhim ahamiyatga ega ekani aniqlandi hamda uning maqsadga muvofiqligi va samaradorligi isbotlandi;
- yurak ishemik kasalligi va ishemik mitral regurgitatsiyasi bo‘lgan bemorlarda jarrohlik davolashning muayyan variantini tanlashga ko‘rsatmalarni belgilashda, shuningdek uning maqsadga muvofiqligi va cheklovlarini baholashda individual yondashuv zarurligi isbotlandi;
- chap qorincha remodellanishining patognomonik belgilarini tashxislashda hamda har xil jarrohlik aralashuvlari (izolyatsiyalangan AQSh va mitral klapan plastikasi bilan birga AQSh) natijalarini baholashda zamonaviy exokardiografik usullarning yetarlicha yuqori samaradorligi tasdiqlandi;
- yurak ishemik kasalligi va ishemik kelib chiqishga ega o‘rtacha darajadagi mitral yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda jarrohlik taktikasini tanlashni optimallashtirish maqsadida metodologik yondashuvlarni standartlashtirishning asosiy mezonlari ishlab chiqildi.

Tadqiqot natijalarining ishonchliligi. Tadqiqot natijalarining ishonchliligi zamonaviy usullardan, klinik amaliyotda keng qo‘llaniladigan laboratoriya va instrumental tadqiqot usullardan foydalanilgani, shuningdek barcha olingan natijalar va shakllantirilgan xulosalar dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillariga, yetarli hajmdagi klinik materialga va statistik tahlil natijalariga tayangani bilan asoslanadi.

Tadqiqotning amaliy va ilmiy ahamiyati. Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati olingan ma’lumotlar, xulosalar va takliflar yurak ishemik kasalligi (YIK) va ishemik mitral regurgitatsiya (IMR) bilan kechadigan kasalliklarda jarrohlik davolash algoritmlarini qo‘llash bo‘yicha bilimlarni kengaytirishga muhim hissa qo‘shishi hamda jarrohlik usulini tanlashning optimal strategiyasini belgilovchi nazariy asoslarni shakllantirishi bilan izohlanadi.

Tadqiqotning amaliy ahamiyati shundaki, olingan natijalar asosida YIK va IMR bo‘lgan bemorlarni jarrohlik yo‘li bilan davolashning taktik-texnik jihatlari optimallashtirildi hamda metodologik yondashuvlar standartlashtirildi. Erishilgan natijalar milliy kardiojarrohlikning YIKni davolashdagi o‘rnini jahon miqyosida mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengash yig‘ilishining 2025-yil 17-dekabrdagi 31/01-sonli bayonnomasi bilan tasdiqlangan «O‘rtacha darajadagi mitral yetishmovchiligi bilan asoratlangan yurak ishemik kasalligi: jarrohlik davolash usullarini optimallashtirish» mavzusidagi ilmiy tadqiqot natijalariga ko‘ra:

Birinchi ilmiy yangilik: o‘rtacha darajadagi mitral yetishmovchiligi bilan asoratlangan ishemik kardiomiopatiyali bemorlarda mitral klapan plastikasi bilan birga aortokoronar shuntlash bajarilganda, mitral klapan fibroz halqasining barqarorlashuvi hisobiga uzoq muddatli operatsiyadan keyingi davrda ahamiyatli mitral regurgitatsiya qaytalanishi chastotasi izolyatsiyalangan AQSh bajarilgan bemorlarga nisbatan sezilarli darajada past bo‘lishi isbotlangani Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qarshi filiali klinik amaliyotiga (2025-yil 29-sentyabrdagi 74/1t-sonli buyruq) va Buxoro davlat tibbiyot instituti klinikasiga (2025-yil 24-noyabrdagi 10-sonli buyruq) joriy etildi. Ijtimoiy samaradorligi: vizualizatsiya ma’lumotlarini qiyosiy tahlil qilish asosida yurak ichki gemodinamikasini baholashning yangi yondashuvlari diagnostika aniqligini oshirdi, xatoliklar sonini kamaytirdi, o‘z vaqtida davolashni ta’minladi hamda tibbiy yordam sifatini yaxshilash va nogironlik darajasini pasaytirishga xizmat qildi. Iqtisodiy samaradorligi: iqtisodiy nuqtai nazardan individual yondashuv mavjud resurslardan yanada samarali foydalanish imkonini berdi. Erta operatsiyadan keyingi davrda gemodinamikaning nisbatan tez barqarorlashuvi hisobiga dori-darmon terapiyasiga bo‘lgan ehtiyoj kamaydi va reanimatsiya bo‘limida o‘rtacha yotish davomiyligi 1,3±0,3 sutkadan 1,2±0,3 sutkagacha qisqardi. Reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limida bir kunlik yotish xarajatlari 1 000 000 so‘mni tashkil etishini hisobga olganda, bir bemor uchun iqtisod 200 000 so‘mni, tadqiqot doirasidagi shunday patologiyaga ega 40 nafar bemor misolida esa umumiy iqtisodiy samara 8 000 000 so‘mni tashkil etdi;

Ikkinchi ilmiy yangilik: bemor yoshi 70 dan yuqori bo‘lishi, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi hamda chap qorincha otish fraksiyasi 30% dan kam bo‘lishi kabi omillarning erta operatsiyadan keyingi asoratlar va noxush oqibatlar rivojlanishi bilan ishonchli korrelyatsiyasi isbotlangani Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qarshi filiali klinik amaliyotiga (2025-yil 29-sentyabrdagi 74/1t-sonli buyruq) va Buxoro davlat tibbiyot instituti klinikasiga (2025-yil 24-noyabrdagi 10-sonli buyruq) joriy etildi. Ijtimoiy samaradorligi: noxush oqibatlar prediktorlarini erta aniqlash yuqori xavf guruhlarini o‘z vaqtida ajratish va bemorlarni olib borish taktikasini optimallashtirish imkonini beradi, bu esa perioperatsion asoratlar chastotasini kamaytirishga xizmat qiladi. Iqtisodiy samaradorligi: turli vizualizatsiya usullarini yagona diagnostika algoritmiga birlashtirish takroriy va ortiqcha tekshiruvlar sonini kamaytirishga, erta bosqichlarda diagnostika aniqligini oshirishga va bir bemor uchun diagnostik muolajalar xarajatlarini 950 000 so‘mga qisqartirishga imkon berdi. Bir bemorga 950 000 so‘m tejalganida, 40 nafar bemor hisobiga yillik iqtisodiy samara 38 000 000 so‘mni tashkil etadi;

Uchinchi ilmiy yangilik: mitral klapan plastikasi bilan birga bajarilgan aortokoronar shuntlash izolyatsiyalangan miokard revaskulyarizatsiyasiga nisbatan yurakning ijobiy remodellanish parametrlariga, jumladan chap qorincha otish fraksiyasining dinamik ortishi hamda uning oxirgi-diastolik va oxirgi-sistolik o‘lchamlarining kamayishiga yanada yaqqolroq ta’sir ko‘rsatishi tasdiqlangani Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qarshi filiali klinik amaliyotiga (2025-yil 29-sentyabrdagi 74/1t-sonli buyruq) va Buxoro davlat tibbiyot instituti klinikasiga (2025-yil 24-noyabrdagi 10-sonli buyruq) joriy etildi. Ijtimoiy samaradorligi: bemorlarning hayot sifati va prognozi yaxshilanishi, jismoniy faolligi oshishi, nogironlik darajasi pasayishi hamda asoratlar va qayta murojaatlar xavfi kamayishi kuzatildi. Iqtisodiy samaradorligi: uzoq muddatli davrda qaytalanuvchi mitral yetishmovchilik rivojlanishiga ta’sir etuvchi operatsiyadan oldingi omillarni aniqlash hisobiga operatsiyadan keyingi asoratlarni davolash uchun qo‘shimcha statsionar xarajatlarni bir bemorga 1 500 000 so‘mga kamaytirishga erishildi. Bir bemorga 1 500 000 so‘m tejalganida yillik iqtisodiy samara 12 000 000 so‘mni tashkil etadi (yiliga 8 bemor hisobidan);

To‘rtinchi ilmiy yangilik: yurak ishemik kasalligi va ikkilamchi mitral yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda bemorning polimorbid holatini hisobga olgan holda jarrohlik davolash usulini individual tanlashga qaratilgan davolash taktikasi davolash samaradorligi va xavfsizligi o‘rtasida optimal nisbatni ta’minlashi isbotlangani Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qarshi filiali klinik amaliyotiga (2025-yil 29-sentyabrdagi 74/1t-sonli buyruq) va Buxoro davlat tibbiyot instituti klinikasiga (2025-yil 24-noyabrdagi 10-sonli buyruq) joriy etildi. Ijtimoiy samaradorligi: YIK va o‘rtacha mitral yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda jarrohlik taktikasini optimallashtirish muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Bemorlarning ijtimoiy moslashuv darajasi va hayot sifati oshadi, jamiyat hamda davlat tuzilmalari uchun iqtisodiy va psixologik yuk kamayadi. Iqtisodiy samaradorligi: ko‘p tarmoqli protokollarni joriy etish sog‘liqni saqlash resurslaridan yanada oqilona foydalanishga xizmat qiladi. Shunday qilib, ushbu toifadagi bemorlarda jarrohlik taktikasini o‘z vaqtida va to‘g‘ri tanlash bevosita va bilvosita xarajatlarni kamaytirishga hamda sog‘liqni saqlash tizimining umumiy samaradorligini oshirishga imkon beradi.

Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi. Tadqiqot natijalari 3 ta ilmiy-amaliy konferensiyada, jumladan 2 ta xalqaro va 2 ta respublika konferensiyasida muhokama qilingan.

Tadqiqot natijalarining chop etilishi. Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha jami 10 ta ilmiy ish chop etilgan, shundan 4 ta maqola O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiyalarning asosiy ilmiy natijalarini chop etish uchun tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda (3 tasi respublika va 1 tasi xorijiy jurnallarda) e’lon qilingan.

Dissertatsiyaning hajmi va tuzilishi. Dissertatsiya kirish, to‘rtta bob, xulosa, xulosalar, amaliy tavsiyalar va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat. Ishning hajmi 119 sahifani tashkil etadi.

DISSERTATSIYANING ASOSIY MAZMUNI

Kirish qismida o‘tkazilgan tadqiqotning dolzarbligi va zarurati asoslangan, ishning maqsadi va vazifalari shakllantirilgan, tadqiqot obyekti va predmeti belgilangan, dissertatsiya ishining respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga mosligi to‘g‘risida ma’lumot berilgan, ilmiy yangilik va amaliy natijalar bayon etilgan, olingan natijalarning ishonchliligi asoslangan, ularning ilmiy va amaliy ahamiyati hamda amaliyotga joriy etilishi yoritilgan, shuningdek nashrlar va dissertatsiya tuzilishi to‘g‘risida ma’lumot berilgan.

Dissertatsiyaning birinchi bobida «O‘rtacha og‘irlikdagi mitral klapan yetishmovchiligi bilan kechadigan YIK: jarrohlik davolash taktikasini optimallashtirish (adabiyotlar sharhi)» epidemiologik, etiopatogenetik va tasnifiy jihatlar, zamonaviy diagnostika mezonlari, qarashlar evolyutsiyasi va zamonaviy tendensiyalar tavsiflangan. Sharh natijalari bo‘yicha ushbu toifadagi bemorlar uchun optimal jarrohlik taktikasini tanlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bahsli va hal etilmagan masalalar ko‘rsatib o‘tilgan.

Dissertatsiyaning ikkinchi bobida «Klinik material va qo‘llanilgan usullarning umumiy tavsifi» tadqiqot obyekti sifatida 2018-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Jizzax filialida hamda Toshkent shahridagi "American Hospital" MChJ QKda operatsiya qilingan IMR (yoki IMYe) bilan asoratlangan YIK bo‘lgan 80 nafar bemor olingan.

Bemorlar ikki guruhga bo‘lindi:
- taqqoslash guruhi: izolyatsiyalangan AQSh bajarilgan bemorlar;
- asosiy guruh: MKdagi aralashuv bilan birga AQSh operatsiyasi bajarilgan bemorlar.

Tadqiqot YIK va IMR bo‘lgan bemorlarni jarrohlik yo‘li bilan davolashning bevosita va uzoq muddatli natijalarini baholash maqsadida prospektiv dizaynga ega edi. Istisno etish mezonlari: mitral klapanning har qanday organik zararlanishi, yaqqol namoyon bo‘lgan MK yetishmovchiligi, ChQ OF 40% dan yuqori bo‘lishi, ChQ o‘lchamlarining me’yorda bo‘lishi, o‘tkir bosqichdagi OIM.

Ikkala guruhda ham bemorlarning mutlaq ko‘pchiligini erkaklar tashkil etdi, bu kardiojarrohlik tanlanmalari uchun xosdir. Guruhlar o‘rtasida ayollar sonidagi farqga qaramay, ushbu farq statistik ahamiyatlilik darajasiga yetmadi (p=0,13). Guruhlardagi bemorlarning yosh tuzilishi ham o‘xshash bo‘lib, bemorlarning aksariyati 60 yoshdan oshgan shaxslardir.

Ikkala guruh bemorlari ham asosan NYHA tasnifi bo‘yicha III funksional sinfdagi yurak yetishmovchiligidan aziyat chekkan.

Tadqiqot maqsadiga erishish va qo‘yilgan vazifalarni hal etish uchun quyidagi usullardan foydalanildi: umumiy klinik (qonning umumiy tahlili, biokimyo, koagulogramma), instrumental tekshiruvlar (EKG, ExoKG, KAG) va statistik tadqiqot usullari.

Yondosh kasalliklar guruhlar o‘rtasida teng ravishda taqsimlangan bo‘lib, asosiy va taqqoslash guruhi bemorlarida davolash natijalaridagi farqga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi va SO‘OKning ustunligi taqqoslash guruhida ham, asosiy guruhda ham yuqori hisoblanadi (Rasm 1).

Rasm 1. Tadqiqot guruhlarida yondosh patologiyalarning uchrash darajasi.

QD
35.0%
 
37.5%
p=0.816
 
SBYE
50.0%
 
62.5%
p=0.26
 
SNMKO‘
10.0%
 
15.0%
p=0.499
 
SO‘OK
42.5%
 
47.5%
p=0.653
 
Semizlik
35.0%
 
45.0%
p=0.361
■ Taqqoslash guruhi   ■ Asosiy guruh

Uchinchi bobda «Yurak ishemik kasalligi va ishemik mitral regurgitatsiyasi bo‘lgan bemorlarni jarrohlik yo‘li bilan davolashning bevosita natijalari» YIK va IMR bo‘lgan bemorlarni jarrohlik davolashning bevosita natijalari tahlili aks ettirilgan. Klinik va funksional ko‘rsatkichlarni o‘rganishga hamda o‘tkazilgan aralashuvlardan keyingi o‘zgarishlar dinamikasini baholashga alohida e’tibor qaratilgan. Bevosita natijalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- gemodinamik ko‘rsatkichlarning tiklanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- bajarilgan aortokoronar shuntlash hajmi va mitral klapandagi aralashuvlar samaradorligini baholash;
- erta operatsiyadan keyingi davrda yuzaga kelgan asoratlar tahlili.

Bajarilgan aortokoronar shuntlar soniga ko‘ra tadqiqot guruhlaridagi bemorlarning taqsimlanishi toifalar o‘rtasida statistik jihatdan ahamiyatli farqlarni aniqlamadi (Rasm 2).

Rasm 2. Bajarilgan aortokoronar shuntlar soni bo‘yicha tadqiqot guruhlaridagi bemorlarning taqsimlanishi.

1
2.5%
 
5.0%
p=0.556
2
25.0%
 
30.0%
p=0.617
3
50.0%
 
45.0%
p=0.654
4
22.5%
 
20.0%
p=0.785
■ Taqqoslash guruhi   ■ Asosiy guruh

Ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, guruhlar o‘rtasida operatsiya davomiyligi, gemotransfuziya va plazmotransfuziya hajmlari bo‘yicha sezilarli farqlar qayd etilmadi. Bu esa guruhlar o‘rtasida operatsiya sharoitlarining o‘xshashligini ko‘rsatadi (qo‘shimcha MK plastikasi bajarilgan va kardioplegiya qo‘llanilgan asosiy guruhdagi operatsiya jarayonining o‘ziga xos xususiyatlari bundan mustasno) (Rasm 3).

Rasm 3. Tadqiqot guruhlaridagi intraoperatsion xususiyatlar.

Operatsiya davomiyligi
266,1
 
282,8
p=0.317
 
SQA (daq)
116,1
 
104,7
p=0.479
■ Taqqoslash guruhi   ■ Asosiy guruh

Sun’iy o‘pka ventilyatsiyasi (SO‘V) davomiyligi, reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limida (RITB) davolanish hamda statsionarda umumiy bo‘lish muddatini qiyosiy tahlil qilishda ayrim farqlar kuzatiladi, buni ham jarrohlik aralashuvlarining va bemorlar tiklanishining o‘ziga xos xususiyatlari bilan izohlash mumkin (Jadval 1).

Jadval 1. SO‘V davomiyligi, intensiv terapiya va statsionarda bo‘lish ko‘rsatkichlari.

Ko‘rsatkich Taqqoslash guruhi (n=40) Asosiy guruh (n=40) p
Op.dan keyingi SO‘V davomiyligi, soat 8,0±0,7 (3,6–12,5) 8,3±0,5 (6,2–16,4) 0.521
RITBda davolanish davomiyligi, kun 1,3±0,3 (0,9–2,8) 1,2±0,3 (0,9–2,4) 0.428
Statsionarda bo‘lish davomiyligi, kun 13,9±1,1 (9-18) 14,1±0,7 (8-19) 0.472

Yurakning anatomik va funksional holatini aks ettiruvchi bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha sezilarli yaxshilanishlarga erishildi. Olingan ExoKG natijalari asosiy guruh bemorlarida yurak funksiyasining yanada qoniqarli holatda ekanligini ko‘rsatadi (Jadval 2).

Jadval 2. Tadqiqot guruhlarida erta operatsiyadan keyingi davrdagi ExoKG ma’lumotlari

Ko‘rsatkich Taqqoslash guruhi (n=40) Asosiy guruh (n=40) p
ChB o‘lchami 42±0,5 (36-48) 40,3±1 (32-46) 0.132
55,9±0,8 (46-62) 51,8±1,1 (41-58) 0.003
OXV, ml 183,5±7,9 (107,5-285,9) 144,9±4,8 (91-226) <0.001
OXS, ml 107,3±5,9 (44-199) 95±3,8 (58-171) 0.084
Indeks OXV (ml/m2) 91,9±4,5 (0-158,5) 74,7±2,7 (49-113) 0.002
ChQ OF, % 38,3±0,7 (33-45) 43,8±1,6 (41-50,4) 0.002

Xavf omillarining bir omilli tahlili bemorlarning ikkita guruhi hisobga olingan holda o‘tkazildi: asoratlari bo‘lgan guruh va asoratlari bo‘lmagan guruh. Asoratlari bo‘lgan guruhga erta operatsiyadan keyingi davri asoratlangan bemorlar kiritildi, bu YIK va IMRni jarrohlik yo‘li bilan davolashning noxush natijalariga ta’sir etuvchi asosiy xavf omillarini ajratib ko‘rsatish imkonini berdi (Jadval 3).

Erta operatsiyadan keyingi davr asoratlari orasida quyidagilar qayd etildi:
- Uzoq muddatli SO‘Vni talab qiluvchi nafas yetishmovchiligi (operatsiyadan keyin 7-12 soatdan ortiq). Taqqoslash guruhida nafas yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlar 2 nafar (5%), asosiy guruhda esa 1 nafar (2,5%) bo‘lib, guruhlar o‘rtasida statistik ahamiyatli farqsiz kechdi (p=0,556);
- Ditsirkulyator entsefalopatiya taqqoslash guruhida 7 nafar bemorda (17,5%), asosiy guruhda esa 3 nafar bemorda (7,5%) kuzatildi (p=0,176);
- Ishemik insult asosiy guruhda 1 ta holatda (2,5%) qayd etildi. Taqqoslash guruhida ushbu turdagi asorat kuzatilmadi (p=0,315);
- O‘tkir yurak yetishmovchiligi (O‘YYe) asosiy guruhda 1 nafar bemorda (2,5%) qayd etildi, taqqoslash guruhida esa ushbu asorat kuzatilmadi (p=0,315).

Tab. 3. Xavf omillarining bir omilli tahlili o‘lim ko‘rsatkichi va noxush natijalarning quyidagi ahamiyatli prediktorlarini aniqladi.

Xavf omili χ2 95% DI p-qiymat
OF < 30% 12,67 2,1–6,3 0,0004
Qandli diabet 7,29 1,3–4,7 0,006
Surunkali buyrak yetishmovchiligi 9,18 1,9–5,8 0,002
Yoshi > 70 yosh 11,45 2,0–6,0 0,0009

YIK va IMRni jarrohlik yo‘li bilan davolashning bevosita natijalarini qiyosiy tahlil qilish shuni ko‘rsatdiki, izolyatsiyalangan miokard revaskulyarizatsiyasiga nisbatan MKda birga aralashuv o‘tkazilgan AQSh uncha katta bo‘lmagan, lekin ijobiy klinik natijalarga olib keladi.

To‘rtinchi bobda «Yurak ishemik kasalligi va ishemik mitral regurgitatsiyasi jarrohligining uzoq muddatli natijalari» ko‘rib chiqilgan.
Uzoq muddatli natijalar (1,5 yildan 3 yilgacha) taqqoslash guruhidagi 38 nafar va asosiy guruhdagi 39 nafar bemorda 3 yilgacha bo‘lgan muddatda kuzatildi.

Uzoq muddatlarda funksional holatni baholash qulayligi uchun bemorlar yaxshi, qoniqarli va qoniqarsiz natijali uchta guruhga bo‘lindi (Jadval 4).

Yaxshi natija uzoq muddatda shikoyat qilmagan, yurak yetishmovchiligi belgilari bo‘lmagan hamda exokardiografik ko‘rsatkichlari ijobiy dinamikaga ega bemorlarda qayd etildi. Bu o‘rtacha MR yo‘qligi yoki saqlanib qolishi, ChQ OF yaxshilanishi, I-OXV kamayishi va OXS qisqarishini o‘z ichiga olgan.

Qoniqarli natija uzoq muddatda u yoki bu asoratlar, masalan o‘rtacha darajadagi yurak yetishmovchiligi belgilari yoki simptomatikaning takroriy epizodlari kuzatilgan bemorlarda belgilandi. Bunda ExoKG ko‘rsatkichlari dinamikasi sezilarli o‘zgarishlarsiz bo‘ldi: MR va ChQ OF barqaror yoki minimal yaxshilanishlar bilan qoldi, I-OXV va OXS esa biroz kamaydi.

Qoniqarsiz natija yurak-qon tomir tizimi tomonidan ExoKG ko‘rsatkichlarining salbiy dinamikasi (MR kuchayishi, OF pasayishi va OXS ortishi) bilan kechgan hamda ahvolning yomonlashuviga olib kelgan asoratlari bor bemorlarni o‘z ichiga oldi.

Tab. 4. Kuzatuvning uzoq muddatli davrida operativ davolash natijalari bo‘yicha bemorlarning taqsimlanishi

Natijalar Taqqoslash guruhi (n=38) Asosiy guruh (n=39) Jami (n=77)
Yaxshi 18 47,4% 27 69,2% 45 58,4%
Qoniqarli 9 23,7% 8 20,5% 17 22,1%
Qoniqarsiz 11 28,9% 4 10,3% 15 19,5%
Jami 38 100,0% 39 100,0% 77 100,0%
χ2 = 4,29; p = 0,039

Guruhlar o‘rtasida bemorlarning funksional sinflar bo‘yicha taqsimlanish dinamikasidagi farq statistik jihatdan ahamiyatli bo‘ldi (p<0,001).

Shunday qilib, mitral yetishmovchilik korreksiyasini o‘z ichiga olgan kombinatsiyalangan aralashuv izolyatsiyalangan AQShga nisbatan bemorlar funksional holatining yanada yaqqolroq yaxshilanishini ta’minladi. Asosiy guruhda sezilarli darajada ko‘proq bemorlar I va II FSga erishdi, bu operatsiyadan keyingi davrda yanada samarali tiklanish va hayot sifati yaxshilanganidan dalolat beradi (Rasm 4).

Rasm 4. Uzoq muddatli davrda Nyu-York Yurak Assotsiatsiyasi (NYHA) tasnifi bo‘yicha bemorlar taqsimotining dinamikasi

Taqqoslash guruhi op.dan oldin

100%
(FS III)
Taqqoslash guruhi op.dan keyin

 
67,4%
26,8%
 
FS I (5,8%) | FS II | FS III
Asosiy guruh op.dan oldin

 
97,5%
 
FS II (2,5%) | FS III
Asosiy guruh op.dan keyin

10%
75,5%
12%
 
FS I | FS II | FS III
p < 0,001
■ FS I   ■ FS II   ■ FS III   ■ FS IV

Operatsiyadan 6 oy o‘tgach ExoKG ko‘rsatkichlarining qiyosiy dinamikasi shuni ko‘rsatdiki, asosiy guruhda ChQ OF 48,2±1,1% ni tashkil etdi, bu taqqoslash guruhidagidan (43,6±0,6%) sezilarli darajada yuqori bo‘ldi (p<0,001). I-OXV asosiy guruhda (70,1±2,3 ml/m2) taqqoslash guruhiga nisbatan (84±3,8 ml/m2) ishonchli darajada kam bo‘ldi (p=0,003), bu asosiy guruhda yurakning yaxshiroq tiklanganini tasdiqladi (Jadval 5).

Tab. 5. Operatsiyadan 6 oy o‘tgach ExoKG ko‘rsatkichlarining qiyosiy dinamikasi

Ko‘rsatkich Taqqoslash guruhi Asosiy guruh p
OF (%) 43,6±0,6 48,2±1,1 <0,001
I-OXV (ml/m2) 84±3,8 70,1±2,3 0.003
OXD (mm) 58,4±1,0 57,4±0,9 0.459
OXS (mm) 45,4±1,0 42,8±0,7 0.036
MM (g) 268,8±16,1 254,1±13,6 0.488
IMM (g/m2) 137,6±9,4 110,5±6,2 0.019

Operatsiyadan 1 yil o‘tgach asosiy guruh bemorlari exokardiografiyaning asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha taqqoslash guruhiga nisbatan sezilarli darajada yaxshiroq natijalarni namoyon etdilar, bu esa yurak funksiyasining yanada muvaffaqiyatli tiklanganidan dalolat beradi (Jadval 6).

Tab. 6. Operatsiyadan 1 yil o‘tgach ExoKG ko‘rsatkichlarining qiyosiy dinamikasi

Ko‘rsatkich Taqqoslash guruhi Asosiy guruh p
OF (%) 43,4±0,8 49,3±1,3 <0,001
I-OXV (ml/m2) 78±3,1 68,2±1,9 0.009
OXD (mm) 57,7±1,3 56,8±0,7 0.544
OXS (mm) 44,4±0,8 40,6±0,5 <0,001
MM (g) 249,7±17,8 224,4±11,4 0.235
IMM (g/m2) 119,1±8,4 105,1±5,5 0.167

Shunday qilib, tahlil shuni ko‘rsatadiki, asosiy guruh bemorlari qisqa muddatli hamda uzoq muddatli istiqbolda aksariyat ko‘rsatkichlar bo‘yicha (ayniqsa ChQ OF va I-OXV bo‘yicha) sezilarli darajada yaxshiroq natijalarga ega bo‘ldilar.

Uzoq muddatli davrda mitral regurgitatsiya qaytalanishi chastotasi asosiy guruhda 5,0% ni (40 tadan 2 ta), taqqoslash guruhida esa 12,5% ni (40 tadan 5 ta) tashkil etdi. Asosiy guruhda retsidivlar chastotasi kamroq bo‘lishiga qaramay, guruhlar o‘rtasida statistik ahamiyatli farqlar olinmadi (p=0,432). Asosiy guruhda retsidivlar chastotasining kamayishga bo‘lgan tendensiyasi kuzatildi (Tab. 7).

Tab. 7. Guruhlar o‘rtasida MR dinamikasini taqqoslash

MR dinamikasi Asosiy guruh (n=40) Taqqoslash guruhi (n=40)
Ijobiy 31 (77,5%) 21 (52,5%)
O‘zgarishsiz 7 (17,5%) 14 (35,0%)
Salbiy 2 (5%) 5 (12,5%)

Ikkala guruhda ham mitral klapan yetishmovchiligi dinamikasining tahlili II-III darajali mitral klapan yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlar ulushining statistik jihatdan ahamiyatli kamayganini, bu esa ham erta, ham uzoq muddatli operatsiyadan keyingi davrda I darajali bemorlar ulushining ortishi bilan kechganini ko‘rsatadi. Ko‘rsatilgan o‘zgarishlar asosiy guruhda yanada yaqqolroq namoyon bo‘ldi, bu esa davolashning kombinatsiyalangan jarrohlik usulining yuqoriroq samaradorligidan dalolat beradi (Rasm 5, 6).

Rasm 5. MKYe dinamikasi (asosiy guruh)

Dastlab: MKYe 3-dar. (28), MKYe 2-dar. (12)
Erta op.dan keyin: MKYe 1-dar. (21), MKYe 2-dar. (18)
Uzoq muddatli: MKYe 1-dar. (20), MKYe 2-dar. (16), MKYe 3-dar. (4)

p < 0,05
Rasm 6. MKYe dinamikasi (taqqoslash guruhi)

Dastlab: MKYe 2-dar. (27), MKYe 3-dar. (13)
Erta op.dan keyin: MKYe 2-dar. (26), MKYe 1-dar. (14)
Uzoq muddatli: MKYe 1-dar. (20), MKYe 2-dar. (17), MKYe 3-dar. (3)

p < 0,05

Tadqiqot guruhlarida SF-36 so‘rovnomasi bo‘yicha operatsiyadan bir yil o‘tgach bemorlarning hayot sifatini taqqoslash shuni ko‘rsatdiki, asosiy guruh bemorlari taqqoslash guruhidagilarga nisbatan yuqoriroq hayot sifatini namoyish etdilar, bu yaxshiroq jismoniy, emotsional va ijtimoiy ko‘rsatkichlarda, og‘riq darajasining pasayishida hamda umumiy salomatlik holatini yanada ijobiy idrok etishda namoyon bo‘ldi (Rasm 7).

Rasm 7. SF-36 bo‘yicha operatsiyadan bir yil o‘tgach hayot sifatini taqqoslash

Jismoniy funksiya (AG: 78.1 vs TG: 68.9)
Jismoniy roldagi murakkablik (AG: 67.5 vs TG: 62.3)
Emotsional roldagi murakkablik (AG: 84.5 vs TG: 76.4)
Hayotiy kuch energiyasi (AG: 73.5 vs TG: 65.5)
Ruhiy salomatlik (AG: 81.2 vs TG: 72.6)
Ijtimoiy faoliyat ko‘rsatish (AG: 93.4 vs TG: 82.1)
Og‘riq (AG: 93.6 vs TG: 82.1)
Salomatlik haqida umumiy tasavvur (AG: 85.1 vs TG: 70.9)

Olingan ma’lumotlar asosida yurak ishemik kasalligi va ishemik mitral yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda jarrohlik davolash usulini individual tanlashga qaratilgan davolash taktikasi ishlab chiqildi (Sxema 1).

ALGORITM SXEMASI: YIK + IMRDA JARROHLIK DAVOLASH TAKTIKASI
KORONAROGRAFIYA — Koronar tomirlar stenozlanishi > 50%
ExoKG mezonlari:
- MKda organik o‘zgarishlar yo‘q;
- MK fibroz halqasining kengayishi;
- Yurak chap kameralarining kengayishi;
- ChQ qisqaruvchanligining pasayishi;
- Markaziy regurgitatsiya.
O‘rtacha darajadagi MK yetishmovchiligi:
(Rvol) 30-60 ml | EROA 0,2-0,4 sm2

Komorbid kasalliklar:
- Yoshi > 70 yosh;
- Qandli diabet;
- Surunkali buyrak yetishmovchiligi;
- Chap qorincha otish fraksiyasi < 30%.
AGAR KOMORBIDLIK BO‘LMASA:

AQSh + MITRAL KLAPAN PLASTIKASI
AGAR KOMORBIDLIK BO‘LSA:

Kombinatsiyalangan operatsiyani o‘tkazish imkoniyati bo‘yicha ko‘p tarmoqli muhokama:

AQSh off pump YOKI kardioplegiyasiz AQSh on pump

XULOSALAR

1. O‘rtacha IMR bo‘lgan bemorlarni jarrohlik yo‘li bilan davolashning bevosita natijalarini qiyosiy tahlil qilish shuni ko‘rsatdiki, faqat AQShga nisbatan MK plastikasi bilan birga bajarilgan AQSh erta yoki umumiy o‘lim ko‘rsatkichlarini hamda erta operatsiyadan keyingi davr ko‘rsatkichlarini yaxshilashga olib kelmadi, ammo MKda aralashuv o‘tkazilganida qaytalanuvchi ahamiyatli MR chastotasining pasayishi (12,5% dan 5% gacha; p<0,001) hamda 85,2% holatlarda NYHA sinfining potentsial yaxshilanishi qayd etiladi (p<0,001).

2. Xavf omillarining bir omilli tahlili YIK va IMRni jarrohlik yo‘li bilan davolashning noxush natijalarining quyidagi ahamiyatli prediktorlarini aniqladi: yoshi 70 yoshdan oshganlik (χ2=11,45, 95% DI=2,0–6,0, p=0,0009), ChQ OF 30% dan past bo‘lishi (χ2=12,67, 95% DI=2,1–6,3, p=0,0004), QD mavjudligi (χ2=7,29, 95% DI=1,3–4,7, p=0,006), SBYe (χ2=9,18, 95% DI=1,9–5,8, p=0,002).

3. YIK va IMRni jarrohlik yo‘li bilan davolashdan keyin bemorlarning hayot sifatini tahlil qilish natijalari shuni ko‘rsatdiki, MK va AQShdagi kombinatsiyalangan aralashuv izolyatsiyalangan miokard revaskulyarizatsiyasiga nisbatan operatsiyadan keyingi uzoq muddatlarda bemorlarning jismoniy, emotsional va ijtimoiy farovonligining sezilarli yaxshilanishiga yordam beradi.

4. YIK va IMR bo‘lgan bemorlar uchun ishlab chiqilgan, MR darajasini, ChQ funksiyasini va klapan anatomiyasini baholashni o‘z ichiga oluvchi jarrohlik taktikasini tanlash algoritmi MK plastikasi bilan birga AQShni qo‘llash yo‘li bilan yondashuvni individuallashtirish, shu orqali asoratlar xavfini kamaytirish, davolash samaradorligini oshirish hamda uzoq muddatli istiqbolda bemorlarning hayot sifatini yaxshilash imkonini beradi.


[1] Nishimura et al., 2020 (ACC/AHA tavsiyalari) Nishimura R.A., Otto C.M., Bonow R.O. et al. 2020 ACC/AHA Guideline for the Management of Patients With Valvular Heart Disease. Circulation, 2021.
[2] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi «2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi PF-60-son Farmoni.