18-sentabr kuni Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga taniqli turkiyalik xirurg, professor Kamil Yalchin Polat tashrif buyurdi. U Memorial Bahçelievler klinikasi Organlar transplantatsiyasi markazi hamda Memorial Ataşehir klinikasi Umumiy xirurgiya markazi rahbari hisoblanadi. Professorning asosiy faoliyat yo‘nalishlari jigar va buyrak transplantatsiyasi, umumiy, robotik va endoskopik xirurgiyani qamrab oladi.
Tashrif doirasida Markaz rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi. Shundan so‘ng professor ilmiy-amaliy seminar o‘tkazib, o‘zining klinik tajribasi va xirurgik davolashning zamonaviy usullari bo‘yicha ma’ruza qildi. Markaz shifokorlari xorijiy hamkasb bilan dolzarb klinik masalalarni muhokama qilib, o‘zaro tajriba almashdilar.
Shuningdek, professor Markazning ixtisoslashtirilgan bo‘limlari va operatsiya bloki faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ushbu tashrif O‘zbekiston va Turkiya mutaxassislari o‘rtasidagi professional hamkorlik va tajriba almashinuvining davomi bo‘ldi.