MRT uchun 25% chegirma 18:00 dan keyin. Bizning xirurgiya markazi xalqimiz uchun shanba kuni qo‘shimcha faoliyat yuritadi.

O‘ZBEKISTONDA ILK BOR: ROBOT-ASSISTENT YORDAMIDA BUYRAK TRANSPLANTATSIYASI

news_in

25.08.2026

2026-yil 24–25-avgust kunlari Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida mamlakatimiz transplantologiyasi uchun muhim voqea — O‘zbekistonda ilk bor tirik qarindosh donordan robot-assistent yordamida buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilmoqda.

Birinchi operatsiya 24-avgust kuni muvaffaqiyatli bajarildi. Bugun retsipiyent profil bo‘limda davolanmoqda: transplantatsiya qilingan buyrak faoliyati qoniqarli, diurez adekvat, laborator ko‘rsatkichlarda ijobiy dinamika kuzatilmoqda.

Bugun, 25-avgust kuni, ikkinchi bemorda ham robot-assistent yordamida buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilmoqda. Operatsiya muvaffaqiyatli kechmoqda.

Ushbu operatsiyalar uchun Farg‘ona va Toshkent viloyatlaridan ikkita qarindosh «donor–retsipiyent» juftligi tayyorlangan. Ilk amaliyotlar Markaz mutaxassislari tomonidan xorijiy ekspert bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Robot-assistent yordamida buyrak transplantatsiyasining yo‘lga qo‘yilishi — O‘zbekiston xirurgiyasi va transplantologiyasi tarixida yangi bosqich. Ilgari bunday yuqori texnologik tibbiy yordam uchun bemorlar xorijiy klinikalarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ushbu texnologiya mamlakatimizda ham joriy etilmoqda.

Ayniqsa, bemorlarni tekshirish, operatsiyaga tayyorlash, xirurgik davolash va keyingi reabilitatsiya jarayonlari «VAQF» xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan bemorlar uchun bepul tashkil etilgani muhim ahamiyatga ega.

Kechagina faqat yetakchi xorijiy klinikalarda amalga oshirilgan murakkab texnologiya bugun O‘zbekistonda ham bemorlarimiz uchun xizmat qilmoqda.