Xirurgiya Markazi direktori S.I. Ismailov Farg‘ona vodiysida xizmat safarida bo‘ldi. Safarning asosiy maqsadi — hududdagi jarrohlik xizmati holatini o‘rganish, jarrohlik yordamini tashkil etish va joylardagi birlamchi tibbiyot muassasalari faoliyatini baholashdan iborat.
Tashrif doirasida direktor Dang‘ara, Beshariq, Uchko‘prik tumanlari hamda Quvasoy va Quva shaharlarida bo‘ldi. Har bir hududda tuman tibbiyot birlashmalari faoliyati, jarrohlik yordamini ko‘rsatish sharoitlari hamda birlamchi bo‘g‘in ishi bilan tanishildi.
Asosiy e’tibor birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining aholi bilan ishlash tizimi, jarrohlik kasalliklarini erta aniqlash va bemorlarni ixtisoslashtirilgan davolashga o‘z vaqtida yo‘naltirish masalalariga qaratildi.
Quva shahrida S.I. Ismailov sog‘liqni saqlash tizimida pilot loyiha sifatida faoliyat yuritayotgan markazlashgan laboratoriya ishi bilan ham tanishdi.
Safar yakunida Farg‘ona vodiysidagi barcha jarrohlar va jarrohlik bo‘limlari rahbarlari ishtirokida videokonferensiya tashkil etildi. Unda mutaxassislar malakasini oshirish, shifokorlarni xorijiy klinikalarga stajirovkaga yuborish va zamonaviy davolash usullarini amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, zamonaviy laparoskopik uskunalar mavjud bo‘lsa-da, ulardan yetarli darajada foydalanilmayotgan ayrim hududlar faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi. Zamonaviy kaminvaziv jarrohlik texnologiyalarini hududiy amaliyotga keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi.