Xirurgiya markazida mahalla raislari uchun bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazildi

news_in

27.04.2026

Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 28 aprel kuni mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari uchun bepul chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

 

Mahalla raislari aholiga eng yaqin ishlovchi muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Ularning kundalik faoliyati katta mas’uliyat, doimiy muloqot va stressni talab qiladi. Shu bois ularning sog‘ligini muntazam nazorat qilish, kasalliklarni erta aniqlash va mehnat qobiliyatini saqlash muhim ahamiyatga ega.

 

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, Xirurgiya markazi direktori professor S.I. Ismailov tashabbusi bilan Olmazor tumani 10-Chuqursoy okrugida joylashgan 11 ta mahalla raislari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi: «Yangi Toshkent», «Paxta», «Moyariq», «Gulzor», «Elparvar», «Ahil», «Ibrohim ota», «Chuqursoy», «Gulsaroy», «Istiqbol» va «Umid».

 

 Tadbirdan maqsad mahalla raislarining sog‘ligini mustahkamlash, profilaktik tibbiy xizmatni kuchaytirish va ularning jamoatchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.