VENA, 10 mart. /“Dunyo” axborot agentligi/. 2026-yil 3–8-mart kunlari O‘zbekiston mutaxassislaridan iborat ilmiy delegatsiya tibbiy vizualizatsiya sohasidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri — Yevropa radiologiya kongressi (ECR)da ishtirok etdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Kongress an’anaga ko‘ra butun dunyodan yetakchi mutaxassislar, tadqiqotchilar va klinitsistlarni tibbiy vizualizatsiya texnologiyalari, raqamli innovatsiyalar va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish sohasidagi so‘nggi yutuqlarni muhokama qilish uchun birlashtiradi.
Forumning ilmiy dasturi doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar zamonaviy radiologiyaning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan bir qancha tadqiqotlarni taqdim etdilar. Xususan, taqdimotlar miya shishi multimodal diagnostikasi, magnit-rezonans spektroskopiyasini qo‘llash, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda miya tuzilmalarining miqdoriy tahlili hamda kompyuter tomografiyasi ma’lumotlarini tahlil qilishda sun’iy intellekt algoritmlarini qo‘llashni qamrab oldi.
Bundan tashqari, Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi professori Nigora Juraeva “Advancing Practice in Radiography: Challenges, Education and Innovation” nomli ilmiy sessiyaga moderatorklik qildi. Sessiya davomida radiografiya amaliyotiga zamonaviy yondashuvlar, mutaxassislar tayyorlash masalalari va tibbiy vizualizatsiya sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish muhokama qilindi.