Yuldashev Jasur Mansurovich tomonidan tayyorlangan tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferatida erkaklar bepushtligini davolashda varikotsele bilan bog‘liq reproduktiv buzilishlar, mikrojarrohlik varikotselektomiya samaradorligi hamda operatsiyadan keyingi tabiiy homiladorlikka erishish imkoniyatlari o‘rganilgan.
Erkaklar bepushtligi zamonaviy tibbiyotning muhim muammolaridan biri bo‘lib, uning rivojlanishiga varikotsele, gormonal buzilishlar, yallig‘lanish kasalliklari va boshqa omillar sabab bo‘lishi mumkin. Varikotsele spermatogenez jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatib, reproduktiv faoliyatning buzilishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli kasallikni o‘z vaqtida aniqlash va samarali jarrohlik davolash usullarini tanlash muhim ahamiyatga ega.
Tadqiqotning asosiy maqsadi chov orqali bajariladigan mikrojarrohlik varikotselektomiya samaradorligini baholash hamda varikotsele bilan bog‘liq erkaklar bepushtligida juftliklarning tabiiy homiladorlikka erishish ko‘rsatkichlarini o‘rganish orqali davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
Tadqiqot doirasida 2005–2012-yillar davomida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy urologiya markazida varikotsele bilan bog‘liq bepushtlik tashxisi qo‘yilgan 2 871 nafar erkak bemorda bajarilgan transingvinal mikrojarrohlik varikotselektomiya natijalari tahlil qilingan.
Tadqiqot davomida moyak qon tomirlarining Doppler ultratovush tekshiruvi varikotselening I darajali, o‘ng tomonlama va ikki tomonlama shakllarini aniqlashda vizual-palpator tekshiruvga nisbatan yuqori diagnostik ahamiyatga ega ekanligi isbotlangan.
Shuningdek, sperma ko‘rsatkichlaridagi o‘zgarishlar bepushtlikning birlamchi yoki ikkilamchi ekanligi, varikotselening bir yoki ikki tomonlama joylashuvi va uning klinik darajasi bilan doimo bevosita bog‘liq emasligi aniqlangan.
Mikrojarrohlik varikotselektomiyadan keyin tabiiy homiladorlikka erishish ehtimoli bepushtlik turi va jarrohlik amaliyotining xususiyatlariga qarab farq qilishi aniqlangan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, varikotselektomiyadan keyin ikkilamchi bepushtlikka ega juftliklarda homiladorlik ko‘rsatkichi 74,6%, birlamchi bepushtlikda esa 31,9% ni tashkil etgan.
Bir tomonlama varikotselektomiyadan keyin homiladorlik ko‘rsatkichi 35,5%, ikki tomonlama jarrohlik amaliyotidan keyin esa 46,5% ni tashkil qilgan. Biroq ushbu ikki guruh o‘rtasidagi farq statistik jihatdan ishonchli deb topilmagan.
Operatsiyadan keyin homiladorlik yuzaga kelishining median muddati 4 oyni tashkil etgan. Dastlabki jarrohlik aralashuvlaridan keyin varikotsele qaytalanishi 0,46% holatda kuzatilgan. Bemorlar uchun noqulaylik tug‘diruvchi gidrotsele asorati qayd etilmagan.
Tadqiqot natijalari erkaklar bepushtligini tashxislashda moyak qon tomirlarining Doppler ultratovush tekshiruvidan foydalanish muhimligini asoslaydi. Ushbu yondashuv varikotselening ayrim shakllarini aniqroq aniqlash va o‘z vaqtida davolash taktikasini tanlash imkonini beradi.
Transingvinal mikrojarrohlik varikotselektomiya usuli past qaytalanish ko‘rsatkichi va qulay klinik natijalari bilan erkaklar bepushtligini jarrohlik yo‘li bilan davolashda muhim ahamiyatga ega.
Tadqiqot natijalari Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy urologiya markazining Farg‘ona va Xorazm filiallari amaliyotiga joriy etilgan.
Tadqiqot muallifi: Yuldashev Jasur Mansurovich.
Ilmiy rahbar: Muxtarov Shuxrat Tursunovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Gaybullayev Asilbek Asadovich va Yuldashev Fayzulla Yuldashevich.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot universiteti.
Mutaxassislik: 14.00.31 — Urologiya.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Toshkent davlat tibbiyot universiteti.
Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.06/2025.27.12.Tib.08.01. raqamli Ilmiy kengashning 2026-yil 19-noyabr kuni soat 14:00 da navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi.
I. Yuldashev Jasur Mansurovichning 14.00.31 — Urologiya (tibbiyot fanlari) ixtisosligi bo‘yicha «Erkaklar bepushtligida mikrojarrohlik varikotselektomiya natijalari va samaradorligini baholash» mavzusidagi tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya ishi himoyasi.
Ilmiy rahbar: tibbiyot fanlari doktori, professor Muxtarov Shuxrat Tursunovich.
Rasmiy opponentlar:
1. Gaybullayev Asilbek Asadovich — tibbiyot fanlari doktori, professor.
2. Yuldashev Fayzulla Yuldashevich — tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot universiteti.
II. Kasimov Safojon Samukjanovichning 14.00.31 — Urologiya (tibbiyot fanlari) ixtisosligi bo‘yicha «Qovuq bo‘yinchasi va uretra prostatik qismi oblitераtsiyasining endoskopik davosi» mavzusidagi tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya ishi himoyasi.
Ilmiy rahbar: tibbiyot fanlari doktori Nasirоv Furkat Raufovich.
Rasmiy opponentlar:
1. Ayubov Behzod Alisherovich — tibbiyot fanlari doktori.
2. Shadmanov Mirzamahmud Alisherovich — tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti.
Ulanish havolasi: Zoom konferensiyasiga kirish
Konferensiya identifikatori: 810 8448 2358
Kirish kodi: 495057