Skalpel — jarrohning asosiy ish quroli. Nozik tig‘ni qo‘liga olgan shifokor esa mikroskopik aniqlik bilan ish olib borishi shart. Biroq haqiqiy mahorat faqat tajriba bilan shakllanib qolmaydi. Buning uchun yuksak bilim, yetuk salohiyat, kasbga mehr va sadoqat zarur.
Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining gepatobiliar jarrohlik va transplantologiya bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Mirshavkat Akbarov ana shunday fazilatlari va muvaffaqiyatlari bilan xalq hamda davlat e’tiboriga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga binoan u “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Professor Akbarov ushbu yuksak mukofotni butun jamoasi mehnatiga berilgan e’tirof sifatida qabul qiladi.