Akademik V.V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi xirurglar jamoasi tomonidan Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida ilk bor tirik qarindosh donoridan buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.
Bemor - Holmizayeva Ezosxon, 1989-yilda tug‘ilgan, uzoq muddatdan beri surunkali buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichi bilan aziyat chekib kelgan. Jarrohlik uchun donor - uning 1986-yilda tug‘ilgan opasi, Sayfutdinova Muattarxon bo‘ldi.
Mazkur bemor Xirurgiya Markazi yetuk mutaxassislari va rahbariyatining Respublikamiz olis tuman va shaharlarida muntazam ravishda tashkillashtiriladigan tibbiy ko‘riklar va sayyor qabullari chog‘ida, joriy yilning may oyida aniqlangan edi. Ko‘rik vaqtida bemorga jarrohlik uchun zaruriy tahlillar va tayyorgarlik bo‘yicha tavsiyalar berilgan edi. Bugun esa Toshkentdan kelgan malakali xirurglar brigadasi t.f.d. Z.T.Matkarimov, J.B.Urinov, M.O.Rustamov, anesteziolog I.T.Ablyalimovlar va tuman mutaxassislari tomonidan muhim va mas’uliyatli operatsiya yuqori darajada amalga oshirildi.
Ushbu amaliyot mamlakatimiz Prezidenti tomonidan tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yuqori texnologik tibbiy xizmatlar hatto eng chekka hududlarga ham kirib borganining yaqqol isbotidir. Ayni paytda olis tumanlar ham zamonaviy laboratoriya va tibbiy uskunalar bilan jihozlanmoqda, bu esa aholiga ilg‘or davolash usullarini joyida taqdim etish imkonini bermoqda.