Bugun Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ekspertlari tashrif buyurdilar. Tashrif davomida mehmonlar markaz faoliyati, klinik bo‘limlar, boshqaruv tizimi, davolash jarayonlari hamda markazni yanada modernizatsiya qilish bo‘yicha rejalar bilan yaqindan tanishdilar. Uchrashuv davomida tibbiyot muassasalarini boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, operatsion va ma’muriy jarayonlarni takomillashtirish, boshqaruv samaradorligini oshirish hamda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash masalalari muhokama qilindi. Tashrif yakunida ekspertlar Xirurgiya markazini yanada rivojlantirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanlikliklarini bildirdilar hamda boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyihalar doirasida hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.