Prezidentning nabiralariga yo‘llagan samimiy va chuqur ma’noli maktubi shunchaki shaxsiy murojaat yoki bir oila doirasidagi nasihat emas — u bugungi va ertangi kunimiz egalari bo‘lgan butun yosh avlodga qaratilgan muhim hayotiy yo‘llanmadir. Har bir satrida ota-onalik mehri bilan birga, davlat rahbarining yoshlar kelajagiga bo‘lgan katta ishonchi va g‘amxo‘rligi mujassam.
Maktubda ilm-fan cho‘qqilarini egallash, kitob bilan do‘st tutinish, doimiy izlanish, mehnatsevarlik, Vatanga muhabbat va sadoqat, shuningdek, murakkab sinovlar oldida o‘z yo‘lini topa olish kabi eng muhim insoniy qadriyatlar alohida urg‘ulangan. Bugungi tezkor va axborotga boy zamonda yoshlar uchun aynan shu tayanch nuqtalar — bilimli bo‘lish, mustaqil fikrlash va ma’naviy barkamollik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Zero, bugungi yoshlarning teran bilimli, yuksak ma’naviyatli, tashabbuskor va o‘z harakatiga mas’uliyat bilan qaraydigan insonlar bo‘lib ulg‘ayishi — Yangi O‘zbekistonning ertangi yorqin kunlari va barqaror taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
Ba’zan birgina samimiy so‘z yoki yurakdan yozilgan maktub ham inson qalbida uchqun uyg‘otib, uning dunyoqarashi, maqsadlari va hayotga munosabatini o‘zgartira oladigan katta hayotiy saboqqa aylanishi mumkin.