20 yanvar kuni forum doirasida Sog‘liqni saqlash vaziri A.Xudayorov boshchiligidagi delegatsiya Fransiya Xirurgiya Akademiyasi (Académie Nationale de Chirurgie) rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi.
Delegatsiyani Akademiya Prezidenti doktor Hubert Joanet qabul qildi. Uchrashuvda xirurgiya sohasini rivojlantirish, klinik, amaliy, nazariy va ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma maqolalar, ma’ruzalar va master-klasslar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv natijasida Fransiya Xirurgiya Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o‘rtasida xirurgiya sohasini rivojlantirish va hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Uchrashuvning eng muhim natijalaridan biri sifatida Strasburg shahridagi Yevropa mammologiya maktabi bazasida senologiya bo‘yicha maxsus o‘quv kursi tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Dastlabki bosqichda ushbu kursda O‘zbekistondan besh nafar jarroh ishtirok etadi. O‘quv davomiyligi ikki hafta bo‘lib, yakunida imtihon o‘tkaziladi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan mutaxassislar Yevropa standartlariga mos jarroh-mammolog mutaxassisligiga ega bo‘ladilar.